Sistemaning holatini belgilovchi kattaliklarning qiymati o’zgarmasa, sistema termodinamik muvozanatda bo’ladi. Biror sabab tufayli sistema muvozanat holatda bo’lmasa yoki muvozanat holatdan chiqarilgan, lekin o’z holicha qoldirilgan bo’lsa, mazkur sistemada shunday jarayonlar amalga oshadiki, natijada sistema muvozanat holatga qaytadi. Sistemaning termodinamik muvozanat holatiga o’z-o’zidan o’tish jarayonini r e l a k s a t s i y a deb, o’tishga sarflanadigan vaqtni esa r e l a k s a t s i y a    v a q t i deb ataladi. Termodinamik muvozanatni qaror topishida ko’chish hodisalari muhim rol o’ynaydi. Gazlarni termodinamik muvozanat qaror topish jarayonida gaz molekulalarining xaotik harakati ma’lum yo’nalishda kuchayadi, ya’ni xaotik harakatdagi gaz molekulalari to’plami tartibli harakatda ishtirok eta boshlaydi. Bunday hollarda xaotik harakat qilayotgan molekulalar tufayli gazlarda massa, impul’s yoki energiyaning ma’lum yo’nalishda ko’chishi ro’y beradi. Gazlarning k o’ c h i s h i  deb, termodinamik muvozanatda bo’lmagan holatdagi gazning termodinamik muvozanatda bo’lgan holatga o’tish jarayoniga aytiladi. Bu paytda ro’y beradigan hodisalarga gazlardagi ko’chish hodisalari deyiladi. Bunday hodisalarga gazlardagi diffuziya, ichki ishqalanish va issiqlik o’tkazuvchanlik hodisalari kiradi. Bu hodisalarning sababi, gaz molekulalarining o’z fizik xarakteristikalarini: massa (diffuziya) yoki energiyasi yoki harakat miqdorlarini ko’chirish xususiyatidir.

Categorized in: