1: Sayyoralar Quyosh atrofida cho‘zinchoq elliptik orbitalar bo‘yicha harakatlanadi, ushbu ellips fokuslaridan birida Quyosh joylashgan bo‘ladi.
Iogann Kepler ajoyib ichki hissiy anglash, intuitsiya egasi bo‘lgan. U butun umri davomida, Quyosh sistemasining qandaydir ajoyib sirli san’at asari ekanligini isbotlashga tirishgan. Avvaliga u Quyosh sistemasi tuzilishini qadimgi yunon geometriyasidan buyon saqlanib kelayotgan besh xil to‘g‘ri ko‘pyoqlar bilan bog‘lab izohlashga urindi. (To‘g‘ri ko‘pyoqlar bu – barcha yoqlari teng yonli muntazam ko‘pburchaklardan iborat bo‘lgan uch o‘lchamli jism bo‘ladi). Kepler zamonasida astronomlar faqat oltita sayyorani bilishar edi va tasavvurga ko‘ra ular, «shaffof sferalar» ichida joylashib harakatlanadi deb qaralardi. Kepler o‘z ilmiy kuzatish va tekshirishlarini, ushbu sferalarning o‘zaro joylashuvi bir-birining ichiga ichki chizilgan (to‘g‘rirog‘i, ichki joylashgan) to‘g‘ri ko‘pyoqlar ko‘rinishida bo‘ladi degan fikrni tekshirib ko‘rishdan boshlagan. Uning tasavvuriga ko‘ra: Saturn va Yupiter orasida kub, Yupiter va Mars orasida esa tetraedr, Mars va Yer orasida dodakaedr, Yer va Venera orasida ikosaedr, Venera va Merkuriy orasida oktaedr tartibdagi sferalar joylashadi deb o‘ylagan. Ma’lumingizkim, to‘g‘ri ko‘pyoqlari (ularni shuningdek, «Platon jismlari» ham deyiladi) 5 xil va o‘sha zamonda odamlarga ma’lum bo‘lgan sayyoralar esa 6 ta edi. Shunga muvofiq, Kepler har bir sayyora orasida shunday to‘g‘ri ko‘pyoqlardan birortasi ko‘rinishidagi shaffof sfera mavjud bo‘lsa, bu osmon jismlari harakati mukammallik, ideallik bo‘ladi deb o‘ylagan. U hayotining bu qismida, sayyoralar harakati va umuman Koinot albatta ideal bo‘lishi kerak degan fikrda edi.

Biroq, xayolot va tasavvurdagi ideallik bilan amaldagi, real voqe’lik deyarli hech qachon o‘zaro mos tushmaydi. Keplerning xayoloti bo‘lgan to‘g‘ri ko‘pyoqlar ko‘rinishidagi shaffof sferalarda harakatlanadigan sayyoralar orbitasi haqidagi tasavvuri, olimning sayyoralarni real hayotda, o‘zi ko‘zi bilan yaqqol ko‘rib kuzatib turgan holatdagi harakat orbitasi bilan mutlaqo mos tushmasdi. Bu haqida olimlardan biri quyidagicha ta’rif bergandi: «Kepler tasavvuridagi mukammal, go‘zal manzara, real hayotdagi badbashara faktlar bilan buzib tashlangan…». Kepler u paytlar yosh edi va uning o‘sha paytdagi ilmiy tasavvurlarining xotirasi o‘laroq, u o‘z qo‘llari bilan yasagan va gersog Frederik fon Vyurtemburgga sovg‘a qilgan Quyosh sistemasi modeli saqlanib qolgan. Ushbu, qunt bilan ishlangan metall konstruksiyada yosh Kepler sayyoralarni aynan Platon jismlaridan iborat sferalar ichida joylashgan tarzda ifodalagan. Kepler yasagan ushbu modeldagi sferalar bir-biriga tutashmagan ichi bo‘sh hajmlar bo‘lgan va ularning har birining ichiga turli ichimliklar quyish mumkin bo‘lgan. Gersog turli ziyofatlar paytida «Osmon modeli»dan quyilgan ichimliklar bilan o‘z mehmonlariga iltifot ko‘rsatgan.

Categorized in:

Tagged in:

, ,