Tovarlar va xizmatlarga talab uzluksiz bo`lgani tufayli ularni ishlab chiqarish ham uzluksiz ravishda doimo takrorlanib turadi. Takror ishlab chiqarishning umumiy jarayonini iqtisodiy resurslar, tovarlar va xizmatlar hamda daromadlarning doiraviy aylanishi ko`rinishida tasavvur qilish mumkin. Biroq bu aylanish turli iqtisodiy tizimlarda turlicha kechadi.
Xususiy mulkchilikka asoslangan bozor iqtisodiyoti tizimida bunday doiraviy aylanish korxona va firmalar bilan uy xo`jaligi o`rtasida amalga oshadi. Uy xo`jaliklari ishlab chiqarish uchun zarur bo`lgan barcha iqtisodiy resurslarni bozorga etkazib beradi. Korxona va firmalar bu resurslarni sotib olib, turli xil tovarlar va xizmatlarga aylantiradilar va ularni bozorga etkazib beradilar.
Iqtisodiy resurslar, tovar va xizmatlar hamda daromadlarning xususiy mulkka asoslangan iqtisodiy tizimdagi doiraviy aylanishi
Ko`rinib turibdiki, resurslar, tovarlar, xizmatlar va daromadlarning doiraviy aylanishida faqat ikki tomon: bir tomonda korxona va firmalar, ikkinchi tomonda uy xo`jaligi qatnashadi. Barcha moddiy, mehnat va pul oqimlari harakati davlat tomonidan qat`iy rejalashtirilmaydi, ya`ni korxona va firmalar iqtisodiy resurslarni qancha miqdorda, qaysi baholarda sotib olishni va ishlab chiqargan tovarlar va xizmatlarni qanday baholarda sotishni o`zi erkin belgilaydi. Bu, ya`ni erkinlik, bozor iqtisodiyoti tizimining asosiy va eng muhim belgisidir.
Iqtisodiy faoliyat erkinligining asosi – ishlab chiqarish omillari yoki yaratilgan tovarlarning tasarruf etilish ixtiyoriyligi va mulkdorlarning mustaqillikka egaligidir. Ishlab chiqaruvchi yoki iste`molchi o`z tovarini yoki pulini o`zi bilganicha ishlatadi, o`z ixtiyoriga ko`ra o`ziga ma`qul bo`lgan ish bilan shug`ullanadi. Xo`jalik yurituvchilar faoliyati bir-biridan ajragan bo`ladi. Chunki ular, birinchidan, mustaqil mulk egalaridir, ikkinchidan, mehnat taqsimoti asosida ixtisoslashib, har xil ish bilan shug`ullanadilar.
Bozor iqtisodiyoti tizimida xo`jalik yuritish shakllaridan qaysi birini tanlash, o`z mol-mulkini qanday ishlatish ham kishilarning o`z ixtiyoriga bog`liq. Tadbirkorlik qilish yoki yollanib ishlash, o`z pulini sanoatga, dehqonchilikka, tijoratga, bank ishiga yoki boshqa yo`nalishga sarflash odamlarning o`z ixtiyorida bo`ladi.
Bozor iqtisodiyotining muhim va asosiy belgisi iqtisodiy xilma-xillik, ya`ni mulk shakllari va xo`jalik yuritish usullarining turli-tuman bo`lishidir. Turli shakllardagi mulklar erkin, yonma-yon, hech bir chegaralanmagan holda rivojlanadi. Xo`jalik yuritish usullari ham har xil bo`ladi. Masalan, yakka tartibda, jamoaga birikkan holda, sherikchilik yoxud hissadorlik asosida, o`z mablag`iga yoki qarzga olingan mablag`ga tayanib xo`jalik yuritish, er va boshqa vositalarni ijaraga olish va ishlatish kabilar.
Bozor iqtisodiyotini tashkil etuvchi tadbirkorlar ko`pchilikdan iborat bo`lib, tarqoq holda foyda-zararni o`z zimmasiga olib ish yuritadi. Lekin ularning faoliyati qanchalik tarqoq bo`lmasin, baribir bozor orqali bir-biriga bog`lanadi.